Talabalarning bandligini taʼminlash

Talabalarning bandligini taʼminlash

Joriy yilning 4-mart kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida oliy oʻquv yurtlari talabalari bandligini taʼminlash boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida oliygohlardagi boʻsh xona va inshootlarni talabalarga ajratish orqali ularda pullik kurslar, toʻgaraklar va boshqa xizmatlar hamda ishlab chiqarishlar tashkil etish orqali ish oʻrinlari yaratish mumkinligini taʼkidlaganlar.

Mazkur yigʻilishda qoʻyilgan ustuvor vazifalarni ijrosini taʼminlash maqsadida, joriy yilning 5-aprel kuni institut rektori T.Teshabayev, Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori A. Islamkulov xorijiy tillar boʻyicha IELTS va boshqa sertifikatlarga ega, shuningdek, mazkur xorijiy tillardan yuqori koʻrsatkichga (ball) ega talaba-yoshlar bilan uchrashuv oʻtkazdi.








Unda bugungi kunda institutdagi oʻquv xonalaridan darsdan tashqari vaqtlarda talabalarimiz bemalol foydalanishlari mumkinligi, kerak boʻlsa oʻzlarining oʻquv-kurslarini ochish imkoniyati mavjudligi, bu borada oliygoh kerakli barcha imkoniyatlarni yaratib berishi alohida taʼkidlab oʻtildi. 









Bu borada talaba-yoshlarning fikr-mulohazalari tinglandi. Ularning takliflari, fikrlari asosida institutda xorijiy tillar va umuman boshqa sohalarda ham turli pulli kurslar tashkil etish mumkinligi aytib oʻtildi.





Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, talaba-yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish hamda kasb-hunar oʻrganib qoʻshimcha daromad topishi uchun institutga qarashli 1 va 2-sonli talabalar turar joylarida “Talabalar sartaroshxonasi” xizmati yoʻlga qoʻyilishi hisobidan 4 nafar talabaning bandligi taʼminlandi. Shuningdek, institutning 3-sonli talabalar turar joyida talaba-qizlar istiqomat qilishini hisobga olgan holda institutning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib, “Chevar moliyachi” tikuvchilik toʻgarak-sexi va “Goʻzallik saloni” faoliyati yoʻlga qoʻyilishi hisobiga 7 nafar talaba-qizlarning bandligi taʼminlanib, ularning oʻqishdan boʻsh vaqtlarida qoʻshimcha daromad olishlari uchun keng imkoniyatlar yaratildi.

 

17:46 / 2022-04-05
Success helper
Success warning