Sifatli taʼlim, qulay sharoit, ilg‘or innovatsiyalar, unutilmas talabalik hayoti - Toshkent moliya institutida

Sifatli taʼlim, qulay sharoit, ilg‘or innovatsiyalar, unutilmas talabalik hayoti - Toshkent moliya institutida

Toshkent moliya instituti mamlakatimiz moliyaviy barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladigan kadrlar tayyorlovchi tayanch oliy taʼlim muassasasi hisoblanadi.

Institutda bugungi kunda 10 ta fakultet, 25 ta kafedra tomonidan sifatli taʼlim xizmatlari ko‘rsatilmoqda. Institutda iqtisodiyot, iqtisodiy xavfsizlik, buxgalteriya hisobi va audit, moliya va moliyaviy texnologiyalar, menejment, biznes-tahlil, elektron tijorat, logistika, soliqlar va soliqqa tortish, sug‘urta ishi, investitsion loyihalarga xizmat ko‘rsatish va moliyalashtirish hamda boshqa taʼlim yo‘nalishlarida mehnat bozorida raqobatbardosh kadrlar tayyorlanmoqda.

 

 

Institut milliy va xalqaro reytinglarda

 

Toshkent moliya instituti O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish Davlat inspeksiyasi tomonidan Respublikadagi Oliy taʼlim muassasalarining umumiy reytingida 3-o‘rinni, ijtimoiy-gumanitar soha bo‘yicha Oliy taʼlim muassasalari reytingida 2-o‘rinni, 2022-yilning noyabr holatiga QS Rankings reytingida Osiyo davlatlari universitetlari ichida 551 – 600-o‘rinda va Markaziy Osiyo universitetlari orasida 29-o‘rinda, O‘zbekiston Oliy taʼlim tashkilotlari ichida 3-o‘rinda ilk bora qayd etildi. Shuningdek, Times Higher Education agentligi World University Rankings – 2023, “Top-1000 talik” reytingdan joy olish uchun daʼvogar oliygoh sifatida, Universitas Indonetsia tomonidan boshlangan yashil kampus va ekologik barqarorlik (UI GreenMetric World University Ranking) xalqaro reytinglaridan joy oldi.

 

Taʼlim jarayoni

 

Oliygohda xalqaro taʼlim standartlariga mos o‘quv jarayoni kredit-modul tizimi asosida tashkil etilgan. Har bir taʼlim yo‘nalishida ingliz tilida dars jarayonlarini olib borishga ixtisoslashgan guruhlar tashkil etilgan. Institut taʼlim sifati va salohiyatini xalqaro eʼtirof etilgan standartlar asosida tashkil etish yo‘lidan bormoqda. Bu borada qator xorijiy oliy taʼlim muassasalari bilan o‘quv, ilmiy va boshqa ko‘plab yo‘nalishlardan ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirmoqda.

 

Taʼkidlash joizki, Akademik mobillik dasturlari bo‘yicha 25 ta mamlakatning 33 ta universitetlari bilan   hamkorlik aloqalari o‘rnatilgan. Ayni vaqtda 100 nafarga yaqin xorijiy talabalar tahsil olmoqda. Bundan tashqari, Malayziyaning Bayneri universiteti, Belarus Respublikasining Polosk davlat universiteti, Tojikiston Davlat huquq, biznes va siyosat universitetlari bilan qo‘shma taʼlim dasturlari amalga oshirilmoqda.

 

 

2022/2023-o‘quv yilidan boshlab Toshkent moliya instituti Andijon fakulteti tashkil etildi va mazkur fakultetda kunduzgi, kechki va sirtqi taʼlim shakli asosida buxgalteriya hisobi va audit , soliqlar va soliqqa tortish, Moliya va moliyaviy texnologiyalar, Bank ishi va auditi, moliya-bank tizimida Axborot tizimlari va texnologiyalari, menejment, iqtisodiyot kabi qator yo‘nalishlarda qabul amalga oshirildi. Institut huzurida Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiatsiyasi (Association of Chartered Certifiyed Accountants — ASSA) bilan hamkorlikda ASSA tomonidan akkreditatsiyadan o‘tkazilgan International institute of finance and accounting innovatsion ilmiy-o‘quv startap markazi, shuningdek, institutda IT park hamkorligida Digital finance inkubatsiya va akseleratsiya Markazi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

 

Institutda “fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi” uzluksizligini taʼminlash yuzasidan soha ishlab chiqarish tashkilotlarida kafedra filiallari tashkil etilgan bo‘lib, talabalar bevosita o‘z mutaxassisliklari bo‘yicha turli tijorat banklari, moliya tashkilotlari, sug‘urta kompaniyalari, byudjet tashkilotlarida amaliy mashg‘ulotlar olib borishadi. Institut bitiruvchilariga mamlakatimizning moliya-iqtisod va boshqa sohalarida talab yuqori ekanligi bilan ahamiyatidir. Xususan, 2021-2022 o‘quv yilida bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanish ko‘rsatkichi 98,7 foizni tashkil etgan va ular o‘z sohalarida muvaffaqiyatli faoliyat olib borishmoqda. Albatta, ushbu ko‘rsatkichlar institut bitiruvchilarining har jihatdan zamonaviy bilim darajalarining yuqoriligi va xorijiy tillarni bilish darajasining ham oshib borayotganligi hamda mehnat bozorida yuqori baholanayotganligidan dalolatdir.

 

 

 

Talabalik hayoti - Student life

 

Toshkent moliya institutida “Talabalik hayoti”ni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida, talabalar kengashi, “Moliyachi” sport klubi, ashula va raqs ansambli, QVZ jamoasi, teatr studiyasi, talabalar media jamoalari tashkil etilgan va mazkur yo‘nalishlarda barcha imkoniyatlar va qulayliklar yaratilgan. Talabalar o‘zlarining iqtidorlarini yuzaga chiqarish uchun yuqori saviyadagi amaliy ishlar olib borilmoqda. Amaliy harakatlar natijasi o‘laroq institut talabalari sport sohasida respublika, mintaqaviy, xalqaro darajadagi musobaqalarda munosib qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Alohida iqtidorga ega talaba-yoshlar uchun doimiy moddiy rag‘batlantirish tizimli yo‘lga qo‘yilgan.

 

 

 

Toshkent moliya institutida kreativ yondashuvlar o‘laroq innovatsion faoliyat olib borish yo‘lida salmoqli natijalarga erishilmoqda va Yangi O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotini kafolatlovchi raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda butun jamoa bor kuch g‘ayratini, bilimini va shijoatini safarbar etadi.

 

Qabul – 2023

 

Toshkent moliya instituti o‘z oldiga yuqori marralarni qo‘ygan barcha abituriyentlar oliygohda tahsil olishga chorlab qoladi. 2023/2024-o‘quv yili uchun qabul parametrlari va boshqa maʼlumotlarni institut rasmiy veb-saytining “Abituriyent - 2023” bo‘limidan olishlari mumkin bo‘ladi.

 

Telefonlar:

 

 

Toshkent Moliya instituti rasmiy Telegram kanali:@moliyauz_official

11:03 / 2023-07-10
Success helper
Success warning