Talabalar turar joyidagi talaba-qizlar – doim e’tiborda
Institut va fakultetlar Xotin-qizlar tashkilotlarining asosiy vazifalaridan biri talabalar turar joylarida istiqomat qiladigan talaba-qizlarning TTJda yashash, mustaqil ta’lim olish bilan bog’liq sharoitlarini va ijtimoiy, psixologik va maishiy muammolarini o’rganish, ularni hal qilishga ko’maklashish, qizlarning bo’sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish bo’yicha tizimli ishlarni olib borishdan iborat. Ushbu vazifani bajarish doirasida 2021-yil 21-oktyabrda Buxgalteriya hisobi va audit fakulteti Xotin-qizlar kengashi raisi N. Abdiyeva, Kengash faollari Z. Xamidova, M. Abduraimovalar institut psixologi U.Abdulazizova hamrohligida 3-sonli TTJga tashrif buyurib, talaba-qizlarning yashash sharoitlari, TTJda ichki odob-axloq va sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya qilinish holatini yaqindan o’rgandilar.
Talaba-qizlar bilan suhbat TTJning “Ma’naviyat” xonasida davom etdi. “Xotin-qizlarni tazyiq va zo’ravonlikdan himoya qilish va ularning jamiyatdagi o’rnini mustahkamlash”, “Balog’at yoshidagi qizlarning psixo-emotsional holati va uni boshqarish”, “Xotin-qizlarning oilada va jamiyatda tutgan o’rni” kabi mavzulardagi davra suhbatining mazmuni talaba-qizlarning qiziqishlari va kelajakdagi maqsadlari borasidagi fikr-mulohazalari bilan yanada boyidi.