Toshkent moliya institutida “Turonbank” ATB oʻquv laboratoriyasi ochildi
Joriy yilning 6-oktyabr kuni Toshkent moliya institutida “Turonbank” aksiyadorlik tijorat banki bilan hamkorlikda “Bank ishi” fakulteti negizida yangi innovatsion oʻquv-amaliy laboratoriyasining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda institut rektori T.Teshabayev, “Turonbank” ATB boshqaruv raisi Ch.Mirzayev, masʼul xodimlar, institut professor-oʻqituvchilari, talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Mazkur ochilish marosimi avvalida mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti istiqbollari, jamiyat ehtiyojlari, ilm-fan, texnika va texnologiyalarning zamonaviy yutuqlaridan kelib chiqqan holda institut hamda “Turonbank” ATB oʻrtasida hamkorlik aloqalarini yanada yuksaltirish maqsadida Memorandum imzolandi.
Shundan soʻng, Toshkent moliya institutida tashkil etilgan innovatsion oʻquv-amaliy laboratoriyasi ochilishi boʻlib oʻtdi. Zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan oʻquv xonasini talabalarning bilimini amaliyot bilan uzviy bogʻlash maqsad qilib olingan. Mazkur innovatsion oʻquv-amaliy laboratoriyada sohada faoliyat yuritadigan mutaxassislar ishtirokidagi master-klasslar va seminar-trening tashkil etilishi belgilangan.
Shuningdek, “Turonbank” ATB tomonida 2022-2023 oʻquv yilida Toshkent moliya institutiga eng yuqori ball bilan oʻqishga kirgan 20 nafar talabalarga bankning stipendiyasi joriy qilindi. Stipendiyadan tashqari 7 nafar iqtidorli talabani oʻqishi uchun toʻlov-kontrakt summalarini bank tomonidan toʻlab berilishi belgilandi.
Taʼkidlash joizki, Toshkent moliya instituti kadrlar isteʼmolchilari boʻlgan hamkorlar bilan bundan buyon ham mamlakatimiz moliya-bank tizimida ilm-fan, taʼlimning innovatsion infratuzilmasini rivojlantirishda yangi vazifalarni hal etishga qaratilgan saʼy-harakatlarini davom etadi.