Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
MAHALLIY DAVLAT HOKIMIYATI ORGANLARINING MOLIYAVIY ERKINLIGINI OSHIRISH, MAHALLIY BYUDJЕTLARGA TUSHUMLARNING TOʻLIQLIGINI TAʼMINLASH BOʻYICHA SOLIQ VA MOLIYA ORGANLARI JAVOBGARLIGINI KUCHAYTIRISHGA OID QOʻSHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TOʻGʻRISIDA
Mahalliy byudjetlarning daromad bazasini tubdan mustahkamlash va nomarkazlashtirish asosida hududlarni kompleks rivojlantirishni barqaror moliyalashtirish, byudjetlararo munosabatlarni yanada takomillashtirish, mahalliy davlat hokimiyati organlarining moliyaviy erkinligini kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish, yangi ish joylari yaratish hamda aholi bandligini taʼminlash, muhandislik-kommunikatsiya, yoʻl-transport va ijtimoiy infratuzilmani jadal rivojlantirish hisobiga soliq salohiyatini kengaytirish boʻyicha aniq maqsadga yoʻnaltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda ularning masʼuliyatini oshirishni taʼminlash maqsadida:
1. Quyidagilar mahalliy byudjetlar darajasida soliq-byudjet siyosatining ustuvor vazifalari etib belgilansin:
birinchi, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlarning aniq turlarini ularga biriktirib qoʻyish orqali mahalliy byudjetlarning daromad bazasini tubdan mustahkamlash;
ikkinchi, viloyatlar, shahar va tuman byudjetlarini subvensiyadan chiqarish, ularning yuqori turuvchi byudjetlar ajratmalariga boʻlgan qaramligini bosqichma-bosqich qisqartirish, buning asosida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini hal etishda mahalliy davlat hokimiyati organlari erkinligi va masʼuliyatini oshirish;
uchinchi, mahalliy byudjetlarning daromadlarini oshirish uchun tizimli asosda qoʻshimcha rezervlarni aniqlab borish;
toʻrtinchi, deputatlik va jamoat nazoratini keng jalb qilgan holda, mahalliy byudjetlarni shakllantirishning shaffofligini va uning bajarilishi ustidan nazoratni taʼminlash;
beshinchi, mahalliy byudjetlar daromadlar bazasini mustahkamlash hamda xarajatlarining tasdiqlangan parametrlarini oʻz vaqtida, maqsadli moliyalashtirish, ijtimoiy soha obyektlari va infratuzilmani yanada rivojlantirish va tegishli darajada saqlab turishni taʼminlash ustidan mahalliy davlat hokimiyati organlari, moliya va soliq organlarining javobgarligini kuchaytirish.
2. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida, viloyatlar, Toshkent shahri va respublika tumanlari (shaharlari) xalq deputatlari Kengashlari sessiyalarida:
a) quyidagilar yil choraklari kesimida atroflicha koʻrib chiqiladi va tasdiqlanadi:
daromadlar manbalari va xarajatlar turlari kesimida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti, viloyatlar, Toshkent shahri va respublika tumanlarining (shaharlarining) mahalliy byudjetlari parametrlari;
mahalliy byudjetlarning daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash boʻyicha hisob-kitob koʻrsatkichlari;
hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari, byudjetning daromadlar bazasini oshirish va yangi ish joylari barpo etish boʻyicha chora-tadbirlar;
qoʻshimcha manbalar, shu jumladan, mahalliy byudjetlarning daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash hisobidan moliyalashtiriladigan xarajatlar hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari bilan bogʻlagan holda;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, respublikaning tegishli tumanlarida (shaharlarida) deputatlik va jamoat nazoratini amalga oshirish uchun yuqori turuvchi byudjetlar va davlatning maqsadli jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar va loyihalar maʼqullanadi;
v) har chorakda:
hokimning iqtisodiyot va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosarining hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirish, byudjetning daromadlar bazasini oshirish va yangi ish oʻrinlari barpo etish boʻyicha;
hokimning investitsiyalar, innovatsiyalar, xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va kichik sanoat zonalari va turizmni rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosarining investitsiyalar jalb qilish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha;
moliya boshqarmalari (boʻlimlari) rahbarlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlari (shaharlari) byudjetlari ijrosi toʻgʻrisida, shuningdek, hududlarning salohiyatidan kelib chiqqan holda mahalliy byudjetlarning daromadlarining qoʻshimcha manbalarini shakllantirish hamda qoʻshimcha manbalardan foydalanish yoʻnalishlari, jumladan, mahalliy byudjetlar daromadlarini oshirishning aniqlangan rezervlari toʻgʻrisida;
davlat soliq boshqarmasi (inspeksiyasi) rahbarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlar daromadlari bajarilishi holati, ular tomonidan qoʻshimcha rezervlarni aniqlash boʻyicha qilingan ishlar, shuningdek, soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar kesimida byudjetga hisoblangan va amalda toʻlanganligi, ular boʻyicha soliq qarzdorligi toʻgʻrisida hisobotlari tinglanadi.
3. 2018 yilning 1 yanvaridan boshlab moliya organlari va davlat soliq xizmati organlari rahbarlariga javobgarlik va ragʻbatlantirish choralari koʻrilsin, u quyidagilarni nazarda tutadi:
a) soliq va moliya organlari rahbarlarini ularning lavozim maoshlaridan 50 foizgacha boʻlgan miqdorda mukofotlash, shu jumladan:
mahalliy byudjet daromadlarining tasdiqlangan prognozining ijro etilgani uchun 10 foiz miqdorda;
byudjetga toʻlovlar boʻyicha soliq qarzdorligi qisqartirilgani uchun 20 foiz miqdorda;
mahalliy byudjet daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash boʻyicha hisob-kitob koʻrsatkichlari bajarilgani uchun 20 foiz miqdorda;
b) yuqorida koʻrsatilgan mezonlarning ijrosi taʼminlanmagani uchun ularning lavozim maoshlaridan 30 foiz miqdorida jarima sanksiyalarini qoʻllash, shu jumladan:
mahalliy byudjet prognozi bajarilmaganligi uchun 10 foiz miqdorda;
mahalliy byudjetga toʻlovlar boʻyicha soliq qarzdorligi oshirilgani uchun 10 foiz miqdorda;
mahalliy byudjet daromadlarini oshirish rezervlarini aniqlash boʻyicha hisob-kitob koʻrsatkichlari bajarilmaganligi uchun 10 foiz miqdorda.
Moliya va soliq organlari rahbarlarini mukofotlash hamda javobgarlik choralarini qoʻllash moliya vaziri va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi raisi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, tumanlar (shaharlar) hokimlarining tavsiyalariga koʻra amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2018 yilning 1 yanvarigacha moliya va soliq organlari rahbarlari, mansabdor shaxslari byudjetga toʻlovlar kelib tushishining koʻrsatkich prognozlari bajarilgani hamda qoʻshimcha daromadlar aniqlangani va undirib olingani uchun ragʻbatlantirish va moddiy javobgarlik tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda:
mahalliy byudjet parametrlarini bajarish, mahalliy byudjet daromadlarini oshirish rezervlarini safarbar qilish, tasdiqlangan investitsiya loyihalarini oʻz vaqtida amalga oshirilishi, shuningdek, axborotlarni rasmiy veb-saytlarda va mahalliy ommaviy axborot vositalarida chop etish;
soliq va moliya organlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish va javobgarligini kuchaytirish boʻyicha mazkur Farmonda oʻrnatilgan talablarga qatʼiy rioya etilishi ustidan tizimli asosda nazoratni amalga oshirsin.
5. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tumanlar (shaharlar) hokimliklari har chorakda tegishli organlar rahbarlarining hisobotlarini ommaviy axborot vositalarida chop etish va maʼlumotlarni rasmiy veb-saytlarga joylashtirish, shu jumladan, mazkur tadbirlarni mahalliy televideniye orqali yoritishni taʼminlasin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 avgustdagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5147-sonli Farmoni va uning 4-ilovasi oʻz kuchini yoʻqotgan, deb hisoblansin.
7. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – moliya vaziri J.A.Qoʻchqorov va Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi M.M.Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2017 yil 13 dekabar,
PF-5283-son
|