2021/2022 oʻquv yilida talabalarga toʻlov-kontrakt boʻyicha berilgan imtiyozlar
Bugungi mamlakatimizda yoshlarni oliy taʼlimga qamrovini kengaytirish, ularga yanada keng imkonyatlar yaratish borasida salmoqli amaliy ishlar qilinmoqda. Xususan, talabalik baxtiga muyassar boʻlgan yoshlarimizga ham koʻrsatilayotgan eʼtibor va yaratilayotgan imkoniyatlar shular jumlasidandir.
Jumladan:
Kunduzgi, sirtqi yoki kechki taʼlimda tahsil olayotgan talabalar 2021-yil 1-noyabrga qadar koronavirusga qarshi vaksina olsa, stipendiyasiz bazaviy toʻlov-kontrakt miqdorlariga bir martalik 10 foiz chegirma (bonus) beriladi;
koronavirus infeksiyasiga qarshi emlangan (vaksina olgan) abituriyentlarga belgilangan tabaqalashtirilgan toʻlov-kontraktning minimal miqdoriga bir martalik 10 foiz chegirma (bonus) beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6260-son Farmoniga muvofiq:
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning davlat oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olayotgan farzandlariga 2021/2022 oʻquv yilida birinchi oʻquv yili uchun toʻlov-kontraktning toʻliq summasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-sentyabrdagi “Ota-onasi yoki ularning biridan arilgan muhtoj qizlar va boquvchisi yoʻq yolgʻiz ayollar oliy taʼlim olishini moddiy jihatdan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 585-son qaroriga asosan:
– mahalliy hokimiyatlar oʻzlarining hududlaridan oʻqishga kirgan 100 nafar xotin-qizlar uchun mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan bazaviy toʻlov-kontrakt summasini toʻlab beradi;
moliyaviy barqaror davlat oliy taʼlim muassasalari tomonidan ularning kengashlari qaroriga muvofiq 50 nafargacha xotin-qizlar birinchi oʻquv yili uchun bepul oʻqitib beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 24-sentyabrdagi “Ijara huquqi asosida yashayotgan talabalar tomonidan toʻlanadigan ijara toʻlovlarini qoplab berish tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 605-son qaroriga asosan:
- talabalar turar joyi bilan qamrab olinmagan talabalarning 60 foiziga oylik ijara toʻlovining 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi. Bunda ijara toʻlovining qoplab beriladigan qismi Toshkent shahrida – BHMning 1 baravari (270 ming soʻm) dan oshmasligi lozim.
- ushbu imkoniyat davlat oliy taʼlim tashkilotlarida tahsil olayotgan va oʻziga, shu jumladan ota-onasi (qonuniy vakillari)ga tegishli boʻlmagan uyda ijara huquqi asosida yashaydigan ehtiyojmand oila farzandlariga, oʻrnak koʻrsatgan, faol talabalar uchun tatbiq etiladi.
Talabalar diqqatiga!
Yuqoridagi imtiyozlardan foydalanish uchun tegishli hujjatlarni fakultet dekanatiga taqdim etish lozim.