“Adiblar xiyoboni”da Abdulla Qahhor tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi
Abdulla Qahhor o‘zbek adabiyotining zabardast vakili, yozuvchi sifatida o‘zbek tilini nozik his etuvchi va uning boy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanuvchi qalamkash, tom maʼnoda, o‘zbek hikoyanavisligining otasidir. Adib asarlarida millatga samimiylik, mehr, tilga bo‘lgan ulkan eʼtibor, milliy qadriyatlar jo‘sh urib turadi.
O‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan atoqli adib, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor ijodiy merosining yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat, milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash borasida Toshkent moliya institutida ham qator amaliy ishlar qilinmoqda.
Xususan, joriy yilning 16-sentyabr kuni poytaxtimizning so‘lim “Adiblar xiyoboni”da Abdulla Qahhor tavalludining 115 yilligiga bag‘ishlangan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Unda Toshkent moliya instituti rektori To‘lqin Teshabayev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi Sirojiddin Sayyid, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbari Minhojiddin Mirzo, adabiyotshunos olima Hulkar Xamroyeva, institut professor-o‘qituvchilari, talabalar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir avvalida “Adiblar xiyoboni”da joylashgan Abdulla Qahhor haykali poyiga gulchambar qo‘yildi hamda adibga hurmat bajo keltirildi.
Shundan so‘ng tadbirning asosiy qismi boshlandi. Mazkur tadbirda so‘zga chiqqanlar atoqli adib A.Qahhorning ulkan badiiy merosi, asarlarining nafaqat o‘sha davrdagi, balki bugungi kundagi ahamiyati yuqori ekanligini alohida taʼkidlab o‘tishdi, ijodkor haqidagi xotiralarni talaba-yoshlar bilan baham ko‘rishdi.
A.Qahhor asari asosida institut talabalari tomonidan tayyorlangan sahna ko‘rinishi, Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi 48-sonli umumtaʼlim maktabi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan chiqishlar, “Moliyachi gulshani” ashula va raqs ansambli kuy-qo‘shiqlari tadbir ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Bundan tashqari, shu yerning o‘zida adib hayotiga bag‘ishlangan kitoblar, rasmlar ko‘rgazmasi ham tashkil etildi.
Tadbirda ishtirok etganlar mazkur maʼnaviy-maʼrifiy kechani yuqori kayfiyatda, juda saviyali tashkil etilganligiga alohida urg‘u berib o‘tishdi.