Abdulla Qahhor tavalludining 116-yilligiga bagʻishlangan “Ajdodlar xotirasi yodimizda” deb nomlagan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi
Poytaxtimizning soʻlim “Adiblar xiyoboni”da Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi hamda Toshkent moliya instituti hamkorligida Oʻzbek adabiyoti rivojiga ulkan hissa qoʻshgan atoqli adib, yozuvchi, dramaturg, betakror soʻz ustasi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Abdulla Qahhor tavalludining 116-yilligiga bagʻishlangan “Ajdodlar xotirasi yodimizda” deb nomlagan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Abdulla Qahhor oʻzbek adabiyotining zabardast vakili, yozuvchi sifatida oʻzbek tilini nozik his etuvchi va uning boy imkoniyatlaridan mahorat bilan foydalanuvchi qalamkash, tom maʼnoda, oʻzbek hikoyanavisligining otasidir. Adib asarlarida millatga samimiylik, mehr, tilga boʻlgan ulkan eʼtibor, milliy qadriyatlar joʻsh urib turadi.
Mazkur tadbirda soʻzga chiqqanlar atoqli adib A.Qahhorning ulkan badiiy merosi, asarlarining nafaqat oʻsha davrdagi, balki bugungi kundagi ahamiyati yuqori ekanligini alohida taʼkidlab oʻtishdi, ijodkor haqidagi xotiralarni talaba-yoshlar bilan baham koʻrishdi.
A.Qahhor asari asosida institut talabalari tomonidan tayyorlangan sahna koʻrinishi hamda “Moliyachi gulshani” ashula va raqs ansambli kuy-qoʻshiqlari tadbir ishtirokchilarida iliq taassurot qoldirdi, koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.
Tadbirda ishtirok etganlar mazkur maʼnaviy-maʼrifiy kechani yuqori kayfiyatda, juda saviyali tashkil etilganligiga alohida urgʻu berib oʻtishdi.