Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat Oliy ta’lim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqaruv sohalari bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar berildi

Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat Oliy ta’lim muassasalariga akademik va tashkiliy-boshqaruv sohalari bo‘yicha qo‘shimcha vakolatlar berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

 

Qarorga ko‘ra, moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalariga 2022/2023-o‘quv yilidan boshlab akademik va tashkiliy-boshqaruv sohalari bo‘yicha mustaqillik taqdim etildi.

 

Xususan, moliyaviy mustaqil bo‘lgan oliy ta’lim muassasalariga akademik mustaqillik sohasi bo‘yicha quyidagi qo‘shimcha vakolatlar berildi:

 

o‘quv rejalari, o‘quv dasturlari, malaka talablarini kasbiy standartlar asosida tasdiqlash, ta’lim tilini hamda ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklari xususiyatlarini inobatga olgan holda ta’lim olish shaklini belgilash;

 

bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari uchun ta’lim davomiyligi muddatlarini belgilash;

 

doktoranturada to‘lov-kontrakt asosida o‘qish qiymatini belgilash, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan grant ajratish orqali doktoranturaga tanlov asosida kvotaga qo‘shimcha ravishda qabul qilish;

 

doktorant va mustaqil izlanuvchilarga ilmiy rahbarlik qilish tartibini tasdiqlash;

 

magistratura bosqichida ta’limning sirtqi, masofaviy va kechki shakllarini joriy etish, ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha qo‘sh malakalar, shu jumladan amaliy malakalar berish tizimini joriy qilish;

 

o‘zaro kelishuvlar asosida oliy ta’lim muassasalari bilan akademik mobillikni amalga oshirish;

 

oliy ta’lim muassasasi va uning tuzilmasidagi ta’lim muassasalari uchun o‘z grifi asosida darsliklar hamda boshqa o‘quv va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish;

 

ta’lim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilash
va joriy etish
;

 

Tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasi bo‘yicha esa:

 

faoliyatining asosiy yo‘nalishi ta’lim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmaydigan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish;

 

oliy ta’lim muassasalari uchun belgilangan normativlardan qat’i nazar muassasaning tuzilmasini tasdiqlash va shtat birliklari sonini belgilash;

 

mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqib, yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni ochish, amaldagi ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklarni tugatish;

 

pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyasiga oid tartibni belgilash;

 

xorijiy davlat fuqarolarini to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish va masofaviy ta’lim olish shaklida o‘qitishni tashkil etishni mustaqil hal etadi.

 

Shuningdek, qaror bilan Vazirlar Mahkamasi, vazirlik (idora)larning bir qator vakolatlari ta’lim muassasalariga o‘tkazildi. Xususan:

 

chet el fuqarolarining o‘qishini xorijiy oliy ta’lim muassasalaridan respublika davlat oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirish;

 

oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi raisi va mas’ul kotibini, shuningdek, oliy ta’lim muassasasi tomonidan o‘tkaziladigan imtihonlar bo‘yicha qabul komissiyasi raisi va a’zolari, imtihon olinadigan fanlar dasturlari, baholash mezonlari va imtihonlar jadvalini tasdiqlash;

 

oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning amaliyotni o‘tash tartibini tasdiqlash va uni tashkil etish;

 

oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida ichki tartib qoidalari, jumladan ta’lim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablarni belgilash ta’lim muassasalari tomonidan mutaqil hal etiladi.

 

Shuning bilan birga, Vazirlar Mahkamasining oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim sohasidagi quyidagi vakolatlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga o‘tkazildi:

 

oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalarida o‘qitiladigan ta’lim yo‘nalishlari, mutaxassisliklar va kasblar ro‘yxatini tasdiqlash;

 

bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha ta’lim davomiyligining eng kam muddatlarini belgilash;

 

kechki, sirtqi va masofaviy ta’lim shakli joriy etilmaydigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini belgilash;

 

darsliklar, o‘quv va ilmiy adabiyotlarni tayyorlash, nashr etish tartibini, shuningdek, ularni yetkazib berishga va ulardan ta’lim tashkilotlarida foydalanishga qo‘yiladigan talablarni belgilash;

 

ta’lim muassasalariga nisbatan moddiy-texnik, infratuzilmaviy va parametrik talablarni belgilash.

 

2022-yil 1-yanvardan boshlab moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida vasiylik kengashlari tugatilib, tarkibining kamida 70 foizi tegishli vazirlik, idoralar, kadrlar buyurtmachilari, jamoatchilik vakillari va homiylardan iborat bo‘lgan yuridik shaxs maqomisiz oliy ta’lim muassasalarining Kuzatuv kengashlari tashkil etiladi.

 

2022-yil yakuniga qadar yagona “Elektron kutubxona” platformasi ishga tushiriladi.

 

Oliy ta’lim muassasalarida Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi (HEMIS)ning:

 

2022-yil 1-martga qadar “O‘quv jarayonini boshqarish”, Ilmiy jarayonni boshqarish”, Ma’muriy jarayonni boshqarish” va Moliya-xo‘jalik faoliyatini boshqarish” qismlari;

 

2022-yil 1-mayga qadar “Ta’lim sifatini nazorat qilish” qismi joriy qilinadi.

19:54 / 2021-12-25
Success helper
Success warning