Soliq maʼmuriyatchiligi samarali faoliyatini taʼminlash: respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi
Toshkent moliya institutida 2022-yil 22-aprel kuni “Oʻzbekiston Respublikasida soliq maʼmuriyatchiligi samarali faoliyatini taʼminlash: nazariy-konseptual asoslar va amaliyot muammolari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi oʻtkazildi.
Konferensiyada Toshkent moliya instituti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor i.f.d., dos. A.Islamkulov, Oʻzbekiston Milliy Universiteti oʻquv ishlari boʻyicha prorektori, i.f.d., prof. Sh.Toshmatov, Davlat soliq qoʻmitasi huzuridagi Fiskal instituti “Soliqlar va soliqqa tortish” kafedrasi mudiri, i.f.d., prof. I.Niyazmetov, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjet-soliq tadqiqotlari instituti bosh mutaxassisi, i.f.d., prof. S.Voronin, mutaxassis tayyorlovchi kafedra mudirlari, professor-oʻqituvchilar, tayanch doktorantlar, mustaqil izlanuvchilar, tadqiqotchilar, magistrlar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Ilmiy-amaliy konferensiyani oʻtkazishdan asosiy maqsad – yetakchi iqtisodchi-olimlar va soha mutaxassislari ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasida soliq maʼmuriyatchiligi samarali faoliyatini taʼminlash yoʻnalishlarini tahlil qilish va munozaralar asosida mavjud muammolarni hal etishga doir ilmiy takliflar ishlab chiqish; nazariy bilimlarning amaliyot bilan uzviyligini taʼminlash orqali mamlakatimizda soliq maʼmuriyatchiligining samarali faoliyatini taʼminlash yoʻllarini aniqlash hamda ularni ilmiy asoslashga qaratilgan.
Plenar yigʻilishdan soʻng, quyidagi seksiyalarda muhokamalar davom etdi:
Mazkur ilmiy-amaliy konferensiyada mamlakatimizda jahon andozalari talablariga mos keluvchi soliq maʼmuriyatchiligi faoliyatini taʼminlashning zamonaviy, samarali usul va vositalarini amaliyotga joriy etish muammolari muhokama qilindi.
Konferensiya ishida soliq maʼmuriyatchiligi amaliyotini raqamlashtirish samaralarini asoslash hamda “soliq toʻlovchilar va soliq organlarining hamkorlikda oʻsishga asoslangan yangicha muloqoti” imkoniyatlarini oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar berildi.