“1-oktabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

“1-oktabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni” bayrami munosabati bilan Toshkent moliya instituti rektorining bayram tabrigi

Aziz ustoz va murabbiylar,

 

Hurmatli professor-o‘qituvchilar!

 

Avvalambor, ustoz-murabbiydek sharafli, zahmatli kasb egalari, aziz professor-o‘qituvchilarimizni «1-oktabr – O’qituvchi va murabbiylar kuni» bayrami munosabati bilan o‘zim va institut rahbariyati nomidan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

 

Inson yashar ekan, eng avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekgan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorchilik tuyg‘usi bilan yashaydi. Azaldan olijanob xalqimizda «Elni ma’rifat asraydi» degan purma’no naql bor. Zero, ustozlar timsolida aynan ma’rifatli, ilmli, jonkuyar, insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida xizmat qilayotgan oliyjanob insonlar tushuniladi.

 

Ta’kidlash joizki, millatni taraqqiy etishida, mamlakatni rivojlanishida ta’limning roli naqadar muhim bo‘lsa, ustozlarning o‘rni ham shu qadar yuksak. Xususan, institutimizning salohiyati oshishida, bugungi mehnat bozoriga zamonaviy bilimli, amaliy tajribaga ega, keng ko‘lamli fikrlay oladigan kadrlar yetishtirib berishda professor-o‘qituvchilarimiz asosiy o‘rinda turadi. So‘nggi vaqtlarda institutning milliy va xalqaro reytinglardagi mavqeini yanada oshirishga qaratilayotgan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, ayni vaqtda oliygohimiz milliy reytingda respublika oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida o‘tgan yilgi 5-o‘rindan joriy yilda 2 pog‘ona ko‘tarilib 3-o‘rinni, Respublikadagi Oliy ta’lim muassasalarining ilmiy salohiyati reytingida ham 3-o‘rinni band etdi. Bundan tashqari, “Times Higher Education” xalqaro reyting tashkilotining tomonidan “reporter”, ya’ni xalqaro reytingga kirish uchun faol ishlari bilan mazkur tashkilot e’tirofiga sazovor bo‘lgan ta’lim muassasi sifatida qayd etildi. Bugungi kunda institutda iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularni fan olimpiadalaridagi ishtirokini kengaytirish, ilmiy faoliyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish "Ustoz-shogird" tizimi asosida yo‘lga qo‘yilgani hamda mazkur tizimli ishlash natijasida talaba-yoshlarimiz turli Respublika va xalqaro tanlovlar, olimpiadalarda munosib qatnashib, faxrli o‘rinlarni egallab kelishmoqda. Albatta, bu kabi yutuqlarga erishishimizda institutimizda faoliyat yuritayotgan pedagog-xodimlarning o‘rni beqiyos.

 

Muhtaram ustozlar,

 

Aziz professor-o‘qituvchilar!

 

Yana bir bor "O’qituvchi va murabbiylar kuni" bayrami munosabati bilan, Sizni mana shunday fayzli ayyom bilan muborakbod etaman!

 

Sizlarga oilaviy baxt, tinchlik, xotirjamlik, sihat-salomatlik tilayman!

 

To‘lqin Teshabayev,

Toshkent moliya instituti rektori.

16:27 / 2022-09-30
Success helper
Success warning