Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Toshkent moliya institutida bo‘lib, oliygohdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi
Joriy yilning 24-may kuni Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir Toshqulov Toshkent moliya institutida bo‘lib, oliygohdagi sharoitlar bilan yaqindan tanishdi. O‘qituvchi-professorlar bilan tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etish, sohada erishilayotgan yutuqlar quyi tizimda qanday samara berayotgani, qaysi mexanizmlar amaliyotda samarasiz ishlayotgani haqida o‘zaro fikrlashildi, yangi o‘quv yilida keyingi vektorlar belgilab olindi.
Dastlab, institutda faolit olib borayotgan Bandlik markazi ko‘zdan kechirildi. Bu yerda talabalarni ish bilan taʼminlash, boshqa oliy o‘quv yurtlari talabalari bilan ham hamkorlik qilish imkoniyati mavjud ekani haqida axborot berildi.
Shundan so‘ng, institut rahbariyatidan xoli professor-o‘qituvchilar, dekanlar, kafedra mudirlari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Vazir oliy taʼlimdagi so‘nggi yangiliklardan institut jamoasini qisqacha xabardor qilib, asosan ulardan ko‘proq taklif va eʼtirozlar eshitishga kelganini maʼlum qildi.
“Oliy taʼlim sohasida yolg‘on maʼlumotni eshitib xotirjam bo‘lgandan ko‘ra, haqiqatni bilib halovatni yo‘qotganimiz afzal. Shuning uchun nima dardingiz bo‘lsa bugun ayting, ertaga farzandlarimiz ilmda tengi yo‘q mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun islohotlarni bugun qilishimiz kerak. Oq dog‘lardan xabardor bo‘lish tizimga foyda keltiradi” dedi – vazir.
Muloqotda oliy taʼlim tizimini yana-da isloh qilish bilan bog‘liq o‘nlab taklif va mulohazalar bildirildi.
O‘qishni tamomlayotgan talaba diplom bilan birga sertifikatlarga ham ega bo‘lishi kerakligi, magistraturaga qabulda ixtisosliklarga eʼtibor qaratish zarurligi, jamoaning oltin fondiga aylangan o‘qituvchilar jamoasini qo‘shimcha rag‘batlantirish evaziga ularni saqlab qolish, yoshi ulug‘larining esa hurmatini joyiga qo‘yish, ustamalar belgilashda adolatni taʼminlash va mezonlarni qayta ko‘rib chiqish, darsliklar yaratishdagi tushunmovchiliklarni bartaraf etish, tizimdagi imtiyozlarni inventarizatsiya qilish, kafedralar moddiy texnika bazasini yaxshilash kabilar shular jumlasidan.
Vazir professor-o‘qituvchilar bildirgan har bir taklifni yon daftarchasiga yozib olar ekan
“bugun meni qiynab kelayotgan muammolar sizlarning ham muammoingiz, dardingiz ekanidan ko‘nglim taskin topdi. Demak, bu masalalarni sizlar bilan bamaslahat hal etamiz. Bu jarayonda vazirlik kuzatuvchi emas, sizga ko‘makchi bo‘ladi” – dedi.
Shundan so‘ng, institutdagi qurilish, bunyodkorlik ishlari bilan tanishildi. Vazirga inkubatsiya va akseleratsiya markazida talabalarni bo‘sh ish o‘rinlari bilan taʼminlaydigan Studentup.uz loyihasi, yoshlarni zamonaviy kasbga yo‘naltiruvchi onlayn platformalar, olis hududlarga ilg‘or bilimlarni yetkazuvchi loyihalar haqida axborot berildi.
Tushlik vaqtida esa, Oliy va o‘rta maxsus taʼlim vaziri talabalar oshxonasida o‘quvchi yoshlar davrasida bo‘ldi.