ATB Hamkorbank vakillari va Toshkent moliya instituti bitiruvchilari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, bugunning oʻzida har bir bitiruvchini aniq bir tashkilotga biriktirishni taʼminlash bilan birga, uning boʻlajak ish joyi, ishlashi va ijtimoiy sharoitlarini aniq belgilash zarur. Mamlakatimizda yoshlar muammolariga, ularning ish bilan bandligiga katta eʼtibor berilmoqda, xususan, mehnat bozoriga birinchi marta kirib kelayotgan yoshlarni ishga joylashtirish ustuvor vazifalardan biri sifatida qaralayotganligi ham buni tasdiqlaydi. Bugungi kunda Toshkent moliya instituti rahbariyati tomonidan bitiruvchilarini ish bilan taʼminlashda keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi yosh mutaxassislarga katta imkoniyatlar yaratmoqda.
2021/2022-oʻquv yili bitiruvchilari va asosiy ish beruvchilar oʻrtasida muloqotni tashkil etish maqsadida 2021-yil 11-noyabr kuni institutning asosiy hamkor tashkilotlaridan biri ATB Hamkorbank vakillari ishtirokida bankning kadrlarga boʻlgan ehtiyojini toʻldirish, Toshkent moliya instituti bitiruvchilarini bankning mavjud boʻsh ish oʻrinlariga tanlab olish yuzasidan tanlov oʻtkazildi.
Mazkur tanlovni tashkil etishdan asosiy maqsad - Toshkent moliya institutini tamomlayotgan yosh mutaxassislarga ATB Hamkorbankning mavjud boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisida maʼlumotlar berish va talabalarning bitiruv oldi amaliyotlarini bankning filliallarida tashkil etish va institut bitiruvchilarini ishga joylashtirishdan iborat.
Tadbirda ATB Hamkorbank masʼul hodimlari talabalarga bankning faoliyati toʻgʻrisida, bankdagi mehnat va maishiy-madaniy shart-sharoitlar, ish haqi miqdorlari haqidagi maʼlumotlar berishdi.
Oʻz navbatida Hamkorbank vakillari ham bitiruvchilar bilan bevosita suhbat oʻtkazish, oʻzlariga zarur boʻlgan kadrlarni ishga tanlab olish va oʻzaro manfaatli shartnomalar va kelishuvlar rasmiylashtirish imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Institutni tamomlayotgan talabalarni toʻliq ish bilan band etish yuzasidan institutda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli chora-tadbirlar bitiruvchilarga ishga joylashish borasida yanada kengroq imkoniyat va sharoitlar yaratib bermoqda. Toshkent moliya institutida oʻtkazilayotgan mazkur tadbir natijasida ishtirok etuvchi talabalar qiziqarli takliflar olishadi va ishonchimiz komilki, tadbir ularning kelajakdagi kasbiy oʻsishida navbatdagi omadli qadam boʻlib qoladi.